Qozog‘iston Erondagi Shahid Rajaee portida 25 million dollarlik logistika markazi qurishni rejalashtirmoqda

29.06.2026

Qozog‘iston va Eron Hormuz bo‘g‘ozining shimoliy qirg‘og‘ida joylashgan Bandar-Abbos shahridagi Shahid Rajaee portida logistika markazi qurish bo‘yicha investitsiya bitimini imzoladi.

Loyiha portning orqa hududida, taxminan 15 gektar maydonda amalga oshiriladi. Uning umumiy qiymati 25 million AQSh dollari deb baholanmoqda.

Eron port ma’muriyati vakillariga ko‘ra, loyiha asosan temiryo‘l orqali yuk tashishni rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, maxsus temiryo‘l terminalini ham o‘z ichiga oladi. U kelajakda Qozog‘iston, Shahid Rajaee porti va boshqa jo‘natish portlari o‘rtasidagi logistika markazlari zanjirining bir qismi sifatida faoliyat yuritadi hamda mintaqaviy tranzit yuk oqimlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Shartnoma muddati 27 yilni tashkil etadi, shundan 2 yil obyekt qurilishiga ajratilgan. Shartnoma shartlari har 5 yilda qayta ko‘rib chiqiladi. Kutilishicha, mazkur logistika markazining o‘tkazish quvvati yiliga qariyb 1,5 million tonna yukni tashkil etadi.

Ushbu loyiha Qozog‘istonning Eron orqali o‘z transport va tranzit yo‘laklarini kengaytirish, shuningdek, mamlakat va Markaziy Osiyo yuklari uchun qo‘shimcha infratuzilma yaratish strategiyasini aks ettiradi.