Chegaradagi korrupsiya mojarosi va nazorat kuchayishi: Qirgʻiziston orqali tranzit bosim ostida
Qirgʻizistonning Oʻzbekiston bilan chegarasidagi “Dostuk” avtomobil nazorat-oʻtkazish punkti rahbari korrupsiya va sun’iy navbatlar tashkil etishda gumon qilinib hibsga olindi. Qirgʻiziston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi ma’lumotiga koʻra, u vositachilar orqali yuk mashinalarini toʻsiqsiz oʻtkazish evaziga pora olgan va punktdagi noqonuniy faoliyatga homiylik qilgan.
Shu bilan birga, Qozogʻiston bilan chegarada ham nazorat kuchaytirildi. Qozogʻiston bojxona organlari tekshiruvlarni qat’iylashtirgani sababli avtomobil oʻtkazish punktlarida yuk mashinalari toʻplanishi kuzatilmoqda. Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi ma’lumotiga koʻra, navbatlarning asosiy sababi — Qozogʻiston tomonida chegaradan oʻtish jarayonining choʻzilishidir.
Qozogʻiston rasmiylari bu choralarni maqsadli va vaqtinchalik deb atab, noqonuniy tovar aylanmasiga qarshi kurash hamda milliy xavfsizlikni ta’minlash bilan izohlamoqda. Ushbu voqealar mintaqadagi tranzit xavflarini kuchaytirib, chegara boshqaruvining shaffofligi va samaradorligi masalasini yana kun tartibiga olib chiqmoqda.