Xitoyda ilk bor TIR tizimi asosida multimodal tashuv amalga oshirildi
Xitoy ilk bor TIR tizimidan foydalangan holda multimodal yuk tashuvini amalga oshirdi. Avtoehtiyot qismlar partiyasi Xitoydan O‘zbekistonga temir yo‘l va avtomobil transporti kombinatsiyasi orqali yetkazib berildi. Dastlab yuk temir yo‘l orqali Xitoy–Qirg‘iziston chegarasigacha olib borildi, shundan so‘ng esa avtomobil transportida Qirg‘iziston hududi orqali O‘zbekistonga yetkazildi.
TIR tizimidan foydalanish chegaradan o‘tish jarayonini soddalashtirdi va yetkazib berish muddatlarini qisqartirdi. Mintaqa uchun bu muhim qadam hisoblanadi, chunki xalqaro tashuvlar hajmi oshib borayotgan bir paytda tranzitni tezlashtirish uchun multimodal yechimlarga talab ortmoqda.
Shuni ham ta’kidlash kerakki, Xitoy TIR tizimiga nisbatan yaqinda — 2018 yilda qo‘shilgan. Keyinchalik bu yo‘nalishning rivojlanishi koronavirus cheklovlari sabab sekinlashdi va amalda bir necha yilga to‘xtab qoldi. Shunga qaramay, qisqa vaqt ichida Xitoy bir nechta TIR yo‘nalishlarini ishga tushirishga va ushbu formatda to‘liq xizmat ko‘rsatadigan chegara logistika markazlarini yaratishga muvaffaq bo‘ldi.
Bu esa Xitoy xalqaro logistika tizimida TIR mexanizmidan foydalanishni izchil kengaytirayotganini va Markaziy Osiyo davlatlari bilan transport aloqalarini mustahkamlayotganini ko‘rsatadi.