Shenzhen Neptune Logistics O‘zbekistonda logistika markazini yaratish uchun 15 million dollargacha sarmoya kiritmoqchi.

11.03.2024

Shenzhen Neptune Logistics kompaniyasi O‘zbekistonda transport-logistika markazi qurilishiga 10 million dollardan 15 million dollargacha sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Xitoy kompaniyasi rahbariyati va “O‘ztemiryo‘lkonteyner” AJ o‘rtasidagi uchrashuvda ma’lum bo‘ldi.

Shenzhen Neptune Logistics kompaniyasi direktori Nensi Tan O‘zbekistonda A+ toifali omborlarni tashkil etishni taklif qildi.

Tomonlar, shuningdek, “O‘ztemiryo‘lkonteyner” logistika markazlaridan birgalikda foydalanish va “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” multimodal yo‘nalishi bo‘yicha konteynerli yuk tashishni tashkil etish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqmoqda.