O‘zbekiston oziq-ovqat va kiyim eksportini oshirdi, to‘qimachilik va avtomobillar kamaydi
2025-yil yanvar–oktyabr oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 66,5 milliard dollarga yetib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 21,5 foizga oshdi. Eksport hajmi 29 milliard dollargacha, import esa 37,5 milliard dollargacha ko‘tarildi va tashqi savdo taqchilligi qisqardi. Oziq-ovqat mahsulotlari eksporti 40 foizga o‘sdi, bunda meva-sabzavot va don mahsulotlarining ulushi katta bo‘ldi. Kimyo mahsulotlari eksporti 21 foizga, tayyor mahsulotlar eksporti esa 54 foizga oshdi; kiyim-kechak yetkazib berish 16 foizga ko‘paydi. Energetika sektori 10 foizga kengaydi, xizmatlar eksporti esa turizm, transport va IT hisobiga 33 foizga oshdi. Shu bilan birga, to‘qimachilik va mato, rangli metallar, avtomobillar hamda mashinasozlik mahsulotlari eksporti kamaydi. Oktabr oyida oltin eksporti deyarli to‘xtagan bo‘lsa-da, o‘n oy yakunida uning hajmi qariyb 10 milliard dollarga yetib, tarixiy rekordni yangiladi.
Import bo‘yicha mashinasozlik mahsulotlari yetakchi o‘rinda qolmoqda, uskunalar va ehtiyot qismlar xaridi ortdi. Go‘sht, avtomobil ehtiyot qismlari, cho‘yan va po‘lat, shuningdek, tibbiy mahsulotlar importida keskin o‘sish kuzatildi. Sanoat mahsulotlari va kimyo bo‘yicha ham barqaror o‘sish qayd etildi. Shu bilan birga, avtomobillar hamda yoqilg‘i-energetika mahsulotlari importi kamaydi. Savdo aylanmasida Xitoy 13,1 milliard dollar bilan yetakchilik qilmoqda, undan keyin Rossiya 10,6 milliard dollarlik ko‘rsatkich bilan ikkinchi o‘rinda turadi. Qozog‘iston, Turkiya va Janubiy Koreya ham O‘zbekistonning asosiy hamkorlari qatorida.